Toshkent shahar Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasining Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxanov va Toshkent shahar hokimi Sh.Umurzakovlar tomonidan tasdiqlangan “Toshkent shahar hududida korrupsiyaviy jinoyatlarning sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlash va chuqur tahlil qilish hamda ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar” rejasining ijrosi doirasida 2024 yil 4 mart kuni Toshkent shahar Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda asosiy e’tibor faoliyatning ochiqligi, jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini ta’minlash, ular faoliyatida korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganishga qaratildi.

Ta’kidlash joizki, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy qilish hamda raqamlashtirish hisobiga mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, korruptsiya bilan bog‘liq har qanday holatlarni boshlanish bosqichini o‘zida aniqlash va ularga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etish, tashkilotda korruptsiyaga qarshi qaratilgan profilaktika-targ‘ibot tadbirlarini yanada kuchaytirish hamda muvofiqlik tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan brifing o‘tkazildi.