Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari

Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining «Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish tizimini boshqarishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida» 2017 yil 18 apreldagi PF-5017 – sonli Farmoniga asosan tashkil etilgan.

Oʼzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish vazirligining asosiy vazifalari va faoliyat yoʼnalishlari:

-uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish sohasida yagona davlat siyosatini yuritish va tarmoqlararo muvofiqlashtirishni amalga oshirish;

-koʼp xonadonli arzon uylar qurilishi boʼyicha davlat dasturlari amalga oshirilishini taʼminlash, koʼp xonadonli arzon uylar, suv taʼminoti, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti obʼektlari qurilishi boʼyicha buyurtmachi funktsiyalarini amalga oshirish, eski va avariya holatidagi uy-joylar buzilishini tashkillashtirish;

-koʼp xonadonli uylarning texnik holatini monitoring qilish, shu jumladan, koʼp xonadonli uy-joy fondini mukammal va joriy taʼmirlash ishlarini tashkil qilish;

-xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini muvofiqlashtirish, koʼp xonadonli uy-joy fondini saqlash, ulardan foydalanish va eksplutatsiya xarajatlarini aniqlash boʼyicha talablarga, koʼp xonadonli uylarni texnik eksplutatsiya qilish qoidalari va normalariga, koʼp xonadonli uylarga tutash hududlarning sanitariya normalari, qoidalari va gigiena normativlariga muvofiq holda saqlanishiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;

-suv taʼminoti va kanalizatsiya obʼektlari, issiqlik taʼminoti tizimlari, aholi punktlarini rivojlantirish sxemalari va bosh rejalari bilan bogʼlagan holda rivojlantirish, modernizatsiya va rekonstruktsiya qilish dasturlarini ishlab chiqish hamda ularning sifatli bajarilishini tashkillashtirish, mazkur soha tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va boshqaruvini taʼminlash;

-uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish tizimiga resurs va energiya tejaydigan texnologiyalar hamda uskunalarni tatbiq etish, jumladan, uy-joy kommunal xoʼjaligi obʼektlarini zamonaviy hisoblash oʼlchov asboblari bilan jihozlash, qurilish-montaj ishlari tannarxining pasayishini taʼminlaydigan zamonaviy va sifatli qurilish materiallari hamda buyumlarini keng qoʼllash;

-uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish boʼyicha takliflar tayyorlash, rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilgʼor tajribasini inobatga olgan holda uy-joy kommunal xizmat koʼrsatishning zamonaviy shakl va usullarini ishlab chiqish hamda joriy etish;

-Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda suv taʼminoti, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti boʼyicha koʼrsatiladigan xizmatlar tarif siyosatini shakllantirish, uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish sohasi tashkilotlarining iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash yuzasidan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;

-uy-joy kommunal xizmat koʼrsatish sohasi uchun kadrlar tayyorlash boʼyicha takliflar kiritish, oʼquv amaliyotlarini chet ellarda oʼtkazishni nazarda tutgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy mahsulotlar, idoraviy axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasi joriy etilishini nazarda tutish.