KO‘P QAVATLI UYLARGA MAJBURIY BADALNI ELEKTRON TO‘LASH, MAVJUD MUAMMOLAR VA ULARNING YECHIMI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ko‘p kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” 2021 yil 19 iyundagi PQ-5152-son qarori bilan 2021 yil avgustga qadar loyiha doirasida biriktirilgan hududlarda, 2022 yil 1 yanvarga qadar esa butun respublika hududlarida ko‘p kvartirali uy-joy xizmat ko‘rsatish jarayoniga uy-joy mulkdorlarining jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami va ularning tegishli mol – mulki kadastr raqamidan foydalangan holda billing tizimini joriy qilish belgilangan.  Mazkur topshiriq ijrosi bo‘yicha Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tomonidan Ko‘p qavatli uylarni saqlash bilan bog‘liq xarajatlar hisob-kitobini yurituvchi «Mening uyim» billing tizimi ishga tushirildi.

Ushbu axborot tizimi orqali:

– ko‘p qavatli uylarni boshqaruvchi tashkilotlarning faoliyatini optimallashtirish va respublikadagi ko‘p kvartirali uylar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning markazlashgan hisobini yuritish;

– ko‘p xonadonli uylarning holati, uy-joy mulkdorlari tomonidan to‘lanadigan mablag‘lar, qarz miqdori, muddatini avtomatik tarzda kuzatib borish;

– uy-joy mulkdorlaridan olingan to‘lovlar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni yagona bazada saqlash;

– tizimdagi uy-joy mulkdorlari o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish orqali boshqaruv tashkiloti reytingini aniqlash;

– boshqaruv tashkilotlari tomonidan bajarilgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarni e’lon qilib borish;

– uy egasining shaxsiy kabinetida yangilik, xabarnoma va xabarlarni nashr etish (1 kv.m uchun narx, to‘lov xabarnomalarini yuklab olish, to‘lovlar tarixi, uy haqida to‘liq ma’lumot, so‘rov natijalari, boshqaruvchi kompaniya xizmatlari uchun onlayn to‘lovlarni qabul qilish va boshqalar);

– tijorat banklarining kassalari va elektron to‘lov tizimlari (clic, paynet, upay, payme, uzcard) orqali majburiy badal to‘lovlarini amalga oshirish;

– boshqaruv tashkilotlari tomonidan 24 soat mobaynida faoliyat yuritadigan dispetcherlik va avariya vaziyatlarini bartaraf etish xizmatini tashkil etishga erishiladi.

Respublikada 1,3 milliondan ortiq xonadondan iborat 39 691 ta ko‘p kvartirali uy mavjud bo‘lib, ularga 736 ta boshqaruvchi tashkilot hamda 277 ta uy-joy mulkdorlari shirkati xizmat ko‘rsatadi.

36 109 ta uy boshqaruvchi tashkilotlari tomonidan, 1 242 ta ko‘p kvartirali uylar shirkatlar tomonidan, 792 tasi esa bevosita mulkdorlar tomonidan boshqariladi. Ko‘p kvartirali uylarning 783 tasi boshqa tashkilotlar balansida, qolgan 765 tasi boshqarish usuli tanlash jarayonida.

Bugungi kunga qadar “Mening uyim” yagona elektron bazasiga shirkat va boshqaruv tashkilotlar boshqaruvidagi ko‘p kvartirali uylardagi 1 218 689 ta xonadon to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritildi. Shundan 731 849 tasi viloyatlar va 486 840 tasi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi. Vazirlikning rasmiy-veb saytida “shaffof kommunal” oynasi yaratildi hamda elektron reyestr va elektron reyting platformasi havolasida ishga tushirildi. Axborot tizimidan foydalanish yo‘riqnomalari bo‘yicha video roliklar tayyorlanib, vazirlik rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlarida targ‘ib qilib kelinmoqda.

  “Mening uyim” axborot tizimida ko‘p kvartirali uy-joylar xonadonlarining ma’lumotlar bazasini avtomatik shakllantirish maqsadida Ko‘chmas mulk ob’ektlarining kadastr raqamlariga bog‘langan hamda yagona manzillar reyestri bilan, shuningdek, uy-joylar mulkdorlarining qarzdorligini notarial idoralar tomonidan tekshirish uchun Adliya vazirligining ma’lumotlar bazalariga integratsiya qilingan.

“Mening uyim” axborot tizimi Markaziy bankning kliring “MUNIS” tizimiga integratsiya qilinib, majburiy badallarni tijorat banklari kassalari hamda elektron tizimlar orqali qabul qilish imkoniyati yaratildi.

“Mening uyim” axborot tizimi orqali joriy yil boshidan 31 oktabrga qadar Markaziy bankning kliring “MUNIS” tizimi va elektron tizimlar orqali 173 mlrd so‘m pul mablag‘i kelib tushgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish takomillashtirish va kommunal xizmatlari ko‘rsatishni yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2022 yil 1 feraldagi 47 – son qarorining 3-ilovasi bilan tasdiqlangan “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlarining elektron reyestri hamda reytingini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga asosan 736 ta boshqaruv tashkiloti, 277 ta uy-joy mulkdorlar shirkatining elektron reyestri shakllantirildi. 

Tizimda kuzatilgan texnik nosozliklarni bartaraf etish yuzasidan tezkor ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yil 27,28 oktabr kunlari Mirzo Ulug‘bek tumani Ziyolilar ko‘chasi 9 uyda joylashgan data markazda katta kuchlanish oqibatida server qurilmasida texnik nosozlik kelib chiqqanligi Markaziy bankning “MUNIS” tizimida uzilishlarga olib keldi. Bunda elektron to‘lov tizimlari (Click, Apelsin, Upay, Payme, Paynet, Pochta) bilan uzilishlar kuzatilmagan.

2022 yil 31 oktabr kuni axborot tizimida Markaziy bankning “MUNIS” tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish to‘liq tiklandi va mazkur tizim orqali 147 mln so‘m kelib tushdi.

Hozirda axborot tizimida yuz berishi mumkin bo‘lgan shu kabi uzilishlarni oldini olish maqsadida “O‘zbektelekom” AJ ning data markazidan qo‘shimcha serverlarga axborot tizimi o‘rnatilishi uchun tegishli tartibda shartnoma tuzish ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid havolalar:

«Mening uyim» billing tizimi – https://users.mjko.uz/uz

Boshqaruv tashkilotlarining elektron reyestri – http://87.237.235.62:4000/uz 

Boshqaruv tashkilotlarini baholash dasturiy platformasi (reyting)-http://kommunal.uz/uz/rate 

«Mening uyim» billing tizimi bo‘yicha murojaat qilish uchun:

 Telegram guruhi- https://t.me/+zCY2q3DrtHpkOGE6 

 Tel.: (71) -211-00-04