8 mart – Хalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tadbir

2025 yil 7 mart kuni Toshkent shahar uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tadbir tashkil etildi.

Tadbir avvalida bosh boshqarma boshlig‘i Shomansur To‘ychievich Axmedov jamoada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni go‘zallik va nafosat ayyomi – 8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabriklab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzining oshib borayotganligi to‘g‘risida hamda xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash borasida olib borilayotgan islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.

Shu bilan birga, tadbir davomida o‘z mehnati bilan tashabbus va ibrat ko‘rsatib kelayotgan xotin-qizlarga bayram munosabati bilan esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar jamoadagi xotin-qizlarning kasb mahoratini alohida e’tirof etdilar. Ular o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan, yuksak professional darajada bajarib kelayotganligini takidlab o‘tishdi. Shuningdek opa-singillarimizni mazkur go‘zal ayyom bilan tabriklab, ularga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, bahoriy kayfiyat hamroh bo‘lishini tilab qoldilar va ayollarga bag‘ishlangan tabrik sherlarini eshittirdilar.

Fursatdan foydalanib, Toshkent shahar uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi jamoasi O‘zbekiston xotin-qizlarini 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan muborakbod etadi. Barcha opa-singillarimizga tinchlik-xotirjamlik, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat tilab qoladi.